12:48 Sanjar Shodiyev: “Rol bajarishni sevadigan rejissorman” | |
—Rejissorlik, aktyorlik, qiziqchilik bularning barchasi alohida yo‘l, siz esa hammasiga davogarlik qilasiz, shu sohalardan qaysi birini rostdan ham eplay olyapman deb vijdonan ayta olasiz? —Men rejissorlik yo‘nalishida o‘qib yurgan vaqtimdayoq 170 spektaklda rol ijro etganman shunda ustozim sen “rejissormisan yoki aktyor” deganlarida “men rol bajarishni sevadigan rejjissorman” deb javob bergan edim. Qiziqchilikka keladigan bo‘lsak 2002 yil Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan qiziqchilar va askiyachilar ko‘rik tanlovida faxrli birinchi o‘rinni olganman. Kulgu yulduzlari Toshkent festevalida ham birinchi o‘rinni egallaganman. Men jiddiy tursam ham odamlar kulb yuborishadi shu uchun odamlarni kuldirmay turolmayman. Ishonasizmi yo‘qmi odamlarni kuldirib ularning yuzidagi kulguga sababchi bo‘lsangiz bu ulkan baxtdir. Men qo‘shiqchi emasman unga davo ham qilmayman, ammo har bir odamning yuragida kuy va unga mos so‘z bo‘ladi. Men shu so‘zlarni kuyga solib kuyladim. Natijada “chitto chitto, chito margarita” kabi qo‘shiqlar paydo bo‘ldi. Men uchun san’atning turi yo‘q, bir nom bilan men san’atkorman. San’atga daxldor ishlar qilaman. San’atdan chiqib biznesmenlik qilganim yo‘q yoki boshqa ishga o‘zimni urmadim. —Ayni kunlarda Seni o‘zim boy qilaman yoxud tanho yulduz nomli film ustida ishlayotgan ekansiz. Eshitishimizcha filmingizda 40 yaqin yulduzlarni taklif qilib, unda rol o‘ynatyapsiz ekan, bu yulduzlar filmning kassabopligini ta’minlash uchunmi? — Umuman unday emas, mazkur filmga shuncha yulduz kerak bo‘ldi shuning uchun ularni rol o‘ynashga taklif qildim. — Nima uchun ijtimoiy tarmoqlarda, saytlarda faol emassiz? —To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam bir ikki marotaba ijtimoiy tarmoqlarga kirib tazirimni yedim, shu shu ijtimoiy tarmoqlardan qo‘limni yuvganman. —Ijtimoiy tarmoqlardan “qo‘l yuvishingiz”ga nima sabab bo‘lgan? —Har xil gruppalarga tiqib tashlashdi. Shunda bunday narsalar menga to‘g‘ri kelmasligini tushundim. Avvalo shu internet sabab oilalar buzilib ketayotganliklari, sevishganlar birgina sms natijasida bir biriga nisbatan gumonda qolishi har doim qonimni qaynatadi.
—Toshkent teleradio kanalida boshlovchilik qilayotganingizni ko‘rdim, shu boshlovchiligingizga o‘zingiz necha baho qo‘ygan bo‘lardiz? —( Kulib) 100 ball qo‘ygan bo‘lardim, har doim birovlarga baho berish oson-u ammo o‘zingizga kelganda bu bahoni bera olmaysiz. Shaxsan o‘zimga bolakaylar bilan ishlash ularga savollar berish yoqadi. Ular kattalar iymanib, uyalib, qo‘rqib aytolmagan gaplarni ham aytishadi. Ularning nigohi bilan dunyoga qarasangiz olam guliston bo‘lib ketadi. Shu sababli bolalarga bering dunyoni degan ibratli so‘zlar yaralgandir. —“Jigarbandim” filmingizni muvaffaqiyatini “Qora mushuk” filmingiz yuvib ketmadimi? —Hamma kinoda ham kimdir yutuqni ko‘radi, kimdir esa kamchilikni ko‘radi. “Jigarbandim” filmini olganimda odamlar tomonidan “nahotki bu filmni o‘zingiz oldingiz” degan gaplarni ham eshitdik. Ko‘plar bu filmni o‘zim olganimga ishonmaganini ham tushunsa bo‘ladi, sababi men doimiy komediya olib yurganman. Ammo o‘zim ham bu filmni oxirigacha ko‘rolmayman, sababi yuragim to‘ladi. Filmda men olib chiqmoqchi bo‘lganimdanda ortig‘iga erishilgan deb o‘ylayman. “Qora mushuk”ka keladigan bo‘lsak men uni g‘oyibona ustozim Leonid Gaydayning 91 yilligiga bag‘ishlaganman. Bu filmim ko‘p etirozlarga tanqidlarga sabab bo‘ldi, ammo nima bo‘lganida ham bu mening filmim. Hammaga yoqish bu mumkin bo‘lmagan holat. Atirgulga boqib kimdir gulni kimdir oddiy o’simlikni ko‘radi. —“Seni o‘zim boy qilaman yoxud tanho yulduz” nomli filmingizda o‘zingiz ham rol ijro qilganmisiz? —Ha, faqat ikkinchi darajali rolni ijro qilyapman.
—Nima uchun ikkinchi darajali, axir o‘zingizni filmingiz bo‘lsa bosh rolni ijro qilsangiz bo‘lmaydimi? —Aktyor vaqti kelib rejissor bo‘ladimi yoki pradussermi hech qachon o‘ziga mos bo‘lmagan rolni ijro qilmasligi kerak. O‘ziga mos bo‘lmagan qahramonning yuki aktyorni ezib qo‘yadi va shu vaqtgacha misqollab erishgan obro’-etiborini ulgurji qilib sovuradi. Fildagi bosh rollarning birontasi menga tushmas edi, shu sababdan bosh rolda o‘zim o‘ynash yoki o‘ynamasligimni ortiqcha o‘ylab ham o‘tirmadim. —Bolaligingizda traktorning tagida qolganingiz, olti oycha to‘shakda yotganingiz rostmi? —Baliq ovidan kelayotganimda hamma bolalar yurib kelayotgan traktorning telejkasiga osilib oldi. Men ulgura olmasdan traktor va telejkaning o‘rtasiga kirib oldim. Uyga yetib kelgan vaqtimizda sakrab tushaman degan joyimda qalmog‘im ko‘ylagimga ilib qolib telejkaning tagiga tushib qoldim, bir emas ikkita telejkaning tagida qolganman. — Shu yerda ozgina yolg‘on aralashtirdingiz shekinli. Chunki qanday qilib ikkita telejkaning tagidan sog‘ salomat qolish mumkin? —Baxtimga o‘sha yerning tuprog‘i qumlik tuproq ekan, shu sababli qumga botib qoldim. Bir maydonda tevaragimni odamlar o‘rab oldi. Menimcha ko‘plar “Sanjar o‘ldiyov “deb o‘ylagan bo‘lsa kerak chunki, boshqa birov shunday voqeaga uchrasa men shunday deb o‘ylagan bo‘lar edim. Olti oycha o‘zimga kelmay yurganman…xayriyat keyinchalik hammasi ortda qolib ketgan.
—Siz xalq xizmatida ham ko‘p bo‘lasiz. Ham rejissorlik, ham aktyorlik qilasiz. Bu bir butun qobiliyani parchalash emasmi? Ijod qilish uchun buncha kuch-quvvatni qayerdan olasiz? —To‘g‘ri, juda ko‘p el xizmatida bo‘laman, ammo bir narsani unutmang – tabiiy, osmondagi yulduzning ham qirrasi ko‘p bo‘ladi. Men qo‘rqmasdan bir gapni ayta olishim mumkin – men faqat san’atning ishini qildim. Tadbirkorlik yoki biznesmenlik qilmadim, mening ishim – san’at, men undan chiqqanim yo‘q. Tomoshabinlarning samimiy kulgusi, qop-qora chaqnab turgan ko‘zlari va baland qarsagidan quvvat olaman. —Sizni shu yil hisobidan Xurshid Rasulovning, Bobomurod Hamdamovning, Farhod va Shirinning konsertlarida qiziqchi sifatida ko‘rdik. Menimcha chiqishlaringiz muxlislarga manzur bo‘ldi. Istiqlol san’at saroyida konsert berishning vaqti kelmadimikan? —Qayerga borsam balki haqiqatdan qiziqib balki shunchaki ko‘nglim uchun “qachon konsert berasiz Borya aka, sizning ham disklaringizni maza qilib ko‘rib o‘tiraylik” deyishadi. Bu sahnada o‘zimning yakkaxon konsert dasturimni qo‘yish hamma san’atkorlar kabi mening ham eng katta orzuyim, ammo bu o‘z o‘zidan bo‘lmaydi. 4 ming tomoshabin, muxlisni kuldiraman deb yig‘ib, kuydirib qo‘ymaslik lozim. Shu yillarga mo‘ljallaganman, ammo hali ham o‘zimni 100% tayyor deb aytolmayman. —Yangi olayotgan filmingiz bilan tomoshabinlarni kuydirib qo‘ymaysizmi? —Nasib qilsa bunday bo‘lmaydi. Bu film ustida anchadan buyon ishlayapmiz, nechtalab senariyning boshiga yetdik, aktyorlar tanlovi, kasting ishlari ancha vaqtni oldi 40 dan oshiq yulduzning vaqtini bir paytga to‘g‘irlashning ham o‘zi bo‘lmadi. Shu sababdan qilingan va qilinayotgan mehnatdan kelib chiqib, “Seni o‘zim boy qilaman yoxud tanho yulduz” filmining muvaffaqiyatli va tomoshabinlarni uzoq yillar esidan chiqmaydigan film bo‘ladi degan umiddamiz.
Feruz MUHAMMAD suhbatlashdi | |
|
| |
| Всего комментариев: 0 | |
"Tasvirga olish maydonchasida kuni o‘tayotgan, kimnidir boy qilishga hozirlanib, “Seni o‘zim boy qilaman yoxud tanho yulduz” nomli oltinchi filmini suratga olish ishlarining ayni avj nuqtasida suhbatdoshimizni anchayin boshini qotirdik. Biroq u barcha savollarga “olib qochmasdan”, “vazminlik” va “handon qah qaha” bilan javob berdi. Bugun o‘zini rejissorlikda, aktyorlikda, qiziqchilik va boshlovchilikda nomoyon qilyapti. Bularning qaysi birini eplay olaman, qaysi birini reytingni ushlab turish uchun qilayapti bularning hammasini kinodagi laqabi bilan chaqirsangiz jahli chiqmaydigan Sanjar Shodiyevdan bilib olamiz."
