Mamlakatimizda avtomobilsozlik sanoatining jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgani xizmat ko‘rsatish turlari ko‘payib, yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilishida muhim omil bo‘lmoqda.
Namangan viloyatida avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar soni ortib borayotir. Bugungi kunda viloyatda ushbu yo‘nalishda "UzChasys”, "Barion-3”, "Mo‘jiza plast”, "Avtosanoat plast”, "Norin mechanikal plast” kabi bir qator korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Yaqinda Namangan shahridagi "Maxsusmetallsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatida avtomobillar uchun yuqori bosimli gaz ballonlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Avtomobillarda gaz yonilg‘isidan foydalanishda ishlatiladigan mazkur ballonlar xorijdan keltirilar edi. Ushbu loyiha samarasida shunday gaz ballonlarini viloyatda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilgan ushbu loyihaga ko‘ra, joriy yilning oxiriga qadar 32 ming dona yoki 9,2 milliard so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ayni kunlarda ikki milliard so‘mdan ziyod sarmoya sarflanib o‘rnatilgan texnologik liniyada sinov-ishlab chiqarish jarayoni kechmoqda. Mazkur loyiha orqali korxonada 55 ish o‘rni yaratildi.
Joriy yilning to‘qqiz oyida viloyatda Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha 19 korxonada 30 loyiha amalga oshirilib, 33,6 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Bu esa 2,1 million AQSh dollariga teng valyutani tejash imkonini berdi.
|